2022-yilning 1-iyul holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi $26 mlrd.ni tashkil etdi, deya xabar bermoqda Moliya vazirligi.
Shundan, $23,26 mlrd davlat tashqi qarzi, $2,77 mlrd davlat ichki qarzi hisoblanadi.
Davlat qarzining YaIMga nisbati 2021-yil boshida 39%dan (2021 yil yakunida — 38%) 2022-yilning 1-iyul holatiga 35,1%gacha pasaydi.
Moliya vazirligining ta’kidlashicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyalariga ko‘ra, 60% gacha xavfsiz daraja deb hisoblanadi.
Yil boshidan davlat qarzi qoldig‘i (AQSh dollari ekv.) 1%ga kamaydi. Bunda, davlat budjeti taqchilligining moliyalashtirilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi natijasida qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi bilan birga $792,5 mln miqdoridagi davlat qarzi so‘ndirildi.
Olti oy davomida davlat qarzi qariyb $300 mln.ga kamaydi. Taqqoslash uchun, 2021-yilning birinchi yarmida u $858 mln.ga o‘sgan bo‘lsa, ikkinchi yarmida yana $2,1 mlrd.ga oshgan.
Asosiy pasayish tashqi qarzda bo‘lib, ko‘rsatkich yil boshidagi $23,6 mlrd.ga nisbatan hozir $23,3 mlrd.ni tashkil etdi.
Shundan $16,9 mlrd davlat majburiyatlari, yana $6,4 mlrd davlat kafolati ostidagi qarzlardir.
Davlat ichki qarzi qoldig‘i joriy yilning I yarim yilligida 41,4 mln.ga ko‘payib, 2022-yilning 1-iyul holatiga 2,8 mlrd.ni yoki YaIMga nisbatan 3,7%ni tashkil etdi.
Davlat qarzi qanday so‘ndiriladi
Moliya vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarishni ko‘paytirish orqali qarzni so‘ndirishga erishiladi.
2019-yilda qariyb 600 mlrd so‘mlik davlat g‘aznachilik obligatsiyalari chiqarilgan, 2021-yilda 5 trln so‘mlik marraga yetgan.
2022-yilda esa bu ko‘rsatkichni 6 trln so‘mga yetkazish ko‘zlangan.