Prezidentning Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida “Silk Avia” va “Franko-Italiya” konserni “ATR” o‘rtasida beshta yangi ATR 72−600 samolyotlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bu haqda “Uzbekistan Airports"ning matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, ATR 72−600 samolyotlarini, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchidan uchta va lizing beruvchidan ikkita sotib olish belgilangan.

“Yangi va arzon aviakompaniya sifatida qaysi samolyot biz uchun eng yaxshi yechim bo‘lishini chuqur tahlil qildik. ATR 72−600 dunyodagi eng mashhur qisqa masofaga uchuvchi samolyotlardan biridir. A320 ga qaraganda to‘rt barobar kam yoqilg‘i sarflaydigan tejamkor va arzon samolyot yo‘lovchilarga hamyonbop narxlarda ishonchlilik va qulaylikni taklif qilish imkonini beradi”, — dedi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Parijdagi uchrashuv doirasida “Silk Avia” va “ATR” global texnik xizmat ko‘rsatish shartnomasini (GMA) ham imzoladi. Besh yillik, soatbay to‘lov turini ko‘zda tutuvchi shartnoma texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi va ish unumdorligini oshiradi.

Shartnoma texnik xizmat ko‘rsatish va kapital ta’mirlash, agregatlarni almashtirish, ehtiyot qismlar zaxirasi va texnik xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi.

“Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, mintaqaviy reyslarning 10%ga oshishi mahalliy yalpi ichki mahsulotning 5%ga o‘sishiga olib kelishi mumkin va ATR ishonchli va arzon mintaqaviy samolyotlar bilan ta’minlash orqali ushbu jarayonga o‘z hissasini qo‘shmoqda”, — dedi ATR bosh direktori Natali Tarno Laud.

Shartnoma doirasida “Silk Avia” yangi avlod PW127XT dvigatellari bilan jihozlangan samolyotlarni xarid qilmoqda, bu esa mavjud dvigatellarga nisbatan texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini 20%ga, yoqilg‘i sarfini esa 3%ga qisqartirishni ta’minlaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining Parijga rasmiy tashrifi doirasida Fransiyadan jami 815,3 mln yevroga 17 ta samolyot va 2 ta vertolyot sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.

Xususan, “Airbus"dan 694,3 mln yevroga 8 ta A320neo samolyoti va 4 ta A321neo samolyoti xarid qilinishi kutilmoqda. Kelishuv 21 mln yevroga ikkita Airbus H145 vertolyotini sotib olishni nazarda tutadi.

O‘tgan yili “Silk Avia” kompaniyasi tashkil etilishi ma’lum bo‘lgandi. Undan so‘ng, prezident, 1-oktabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga moʻljallangan mazkur aviakompaniyani tashkil etilish bo‘yicha topshiriq berdi. Oktabr oyiga kelib esa, kompaniya 10 ta samolyot xarid qilishi xabar berildi.