Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishining qiymati $5 mlrd.gacha baholanmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Aqilbek Japarovga tayanib, “24kg” nashri xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur temir yo‘l qurilishi mamlakatdagi ikkinchi yirik loyiha bo‘lib, birinchisi Qambarota GESi qurilishi hisoblanadi.

“2023-yilning aprel oyida Xitoyning loyiha instituti bizga hujjatlarni taqdim etishi kerak. Qurilish $3−5 mlrd.gacha turadi”, — degan Aqilbek Japarov.

Mazkur temir yoʻl loyihalasini jadallashtirish Taraqqiyot strategiyasida ham belgilangan bo‘lib, joriy yilning avgust oyida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yoʻl liniyasini qurish boʻyicha loyiha sentabr oyida tasdiqlanishi ma’lum qilingandi.

Sentabr oyida oʻtkazilgan SHHT Samarqand sammiti doirasida 2023-yilning birinchi yarimida Qirg‘iziston hududidagi temir yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.

Shuningdek, loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishda tomonlarning ishtiroki, moliyalashtirish va xarajatlarni taqsimlashga aniqlik kiritilgan.

Loyiha Xitoydan O‘zbekiston orqali Yevropaga va Janubiy yo‘llar bilan Fors ko‘rfazi davlatlariga tashuvlarni hamda savdo geografiyasini kengaytirish uchun xizmat qilishi belgilangan.


Avvalroq, O‘zbekistondan Eron portlari va Turkiyaga yuklarni konteynerlarda tashish imkoniyati yaratilishi haqida xabar berilgandi.