Joriy yilning oktabr oyida O‘zbekiston va Turkiya markaziy banklari oltin xarid qilishda yetakchilik qildi. Bu haqda Yevropa va Yaqin Sharq bo‘yicha bozor tahlilchisi Krishan Gopolga tayanib “Kitco” nashri xabar bermoqda.
Xususan, O‘zbekiston oktabr oyida 8,7 tonna oltin xarid qilib, ketma-ket beshinchi oy yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan.
“Bu yil boshidan sof xaridlarni 37 tonnaga, jami oltin zaxiralarini esa 399 tonnaga yetkazdi”, — deydi Krishan Gopol.
Turkiya Markaziy banki o‘tgan oy 9 tonna oltin sotib olib, yil boshidan beri sof oltin xaridlarini 103 tonnaga oshirgan. Mamlakatning umumiy rasmiy oltin zaxirasi hozir 498 tonnani tashkil etadi.
Joriy yilning uchinchi choragida dunyo markaziy banklari valyuta zaxiralari uchun 399,3 tonna oltin sotib olgandi. O‘zbekiston bu davrda 26 tonnalik xaridlar bo‘yicha Turkiyadan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Markaziy banklardan talab uchinchi chorakda o‘tgan yilga nisbatan 300%ga oshdi.
Jahon Oltin Kengashi ta’kidlaganidek, xabar qilingan xaridlar bilan bir qatorda, yashirin xaridlar haqida ham hisob-kitoblar mavjud. Bozor tahlilchilari Xitoyni asosiy anonim o‘yinchi sifatida ko‘rsatmoqda.
“Xitoy Rossiyadan katta miqdorda oltin sotib olgan bo‘lishi mumkin”, — dedi bozor tahlilchisi va Jahon oltin kengashining yaponiyalik sobiq direktori Itsuo Toshima.
Toshimaning ta’kidlashicha, bu 2009-yildan 2015-yilgacha oltin xaridlari haqida xabar bermagan Xitoyning odatiy xatti-harakati bo‘lib, keyinchalik oltin zaxiralarini 600 tonnaga oshirganini ochiqlagandi.
O‘zbekiston markaziy banklar orasida oltinning dunyodagi ikkinchi eng yirik xaridoriga aylandi. Xususan, mamlakat 65%lik zaxirasi bilan Venesueladan keyingi o‘rinda turibdi.
Markaziy bankning 1-noyabr holatiga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi bir oyda $1,1 mlrd.ga kamayib, $32,3 mlrd.ni tashkil etdi.