Andijonda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, 40,4 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazgan mayning-ferma aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, “Qurama” MFYda joylashgan transformator punktlarida olib borilgan reyd davomida, chorva ferma va ishlab chiqarish korxonasida 2 ta transformator orqali noqonuniy tarzda elektr tarmoqlariga ulanilgani ma’lum bo‘lgan.
“Bu yerda mavjud bo‘lgan elektr hisoblagichlar ETK hisob-dasturida mavjud emasligi hamda tegishli tartibda shartnoma rasmiylashtirilmaganligi aniqlandi. Natijada, iste’molchiga nisbatan dalolatnoma rasmiylashtirilib, tarmoqdan ajratilmoqda”, — deydi Andijon tumani ETK bo‘lim boshlig‘i Elmurod Muzropov.
Qayd etilishicha, iste’molchining noqonuniy elektr energiyasiga ulanishi orqali 845 ta Antminer S11, Antminer S17, Antminer S19 modelidagi qurilmalaridan foydalanib, kriptovalyuta ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Holat yuzasidan korxonaning mansabdor shaxlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 185²-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati o‘tkazilmoqda.
Taqqoslash uchun, ushbu hajmdagi elektr energiyasi qariyb 470 mingta xonadonning bir oylik yoki qariyb 39 mingta xonadonning bir yillik elektr energiyasi iste’molini tashkil qiladi.
Avvalroq, joriy yilning 9 oyida 704,9 mlrd so‘m budjet mablag‘lari noqonuniy va maqsadsiz sarflangani haqida xabar berilgandi.