Namangan viloyati hokimligi va Samara viloyati oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi. Bu haqda viloyat hokimligi “Spot"ga ma’lum qildi.
Samara viloyati va Namangan viloyati tadbirkorlari o‘rtasida qiymati $155,9 mln.lik, shundan $131,8 mln.lik sanoat va $24,1 mln.lik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomalari imzolandi.
“Biz taʼlim muassasalarimizga rus tilini oʻrganishda yordam berish uchun Samaradan rossiyalik taʼlim mutaxassislarini taklif qilmoqchimiz”, — dedi Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazakov.
O‘zbekistonlik hamkorlar samaralik shifokorlarning yurak kasalliklarini tashxislash va davolash borasidagi tajribasiga ham qiziqish bildirmoqda.
Tashrif doirasida “V.P.Polyakov” nomidagi Samara viloyat klinik kardiologiya dispanseri bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
“Birgalikda qo‘shma anjumanlar va mahorat darslari o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Bu yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini davolash bilan bog‘liq barcha sohalarda o‘zaro manfaatli tajriba almashish bo‘ladi”, — dedi dispanser bosh shifokori Vladimir Goryachev.
Shuningdek, Samaraning “Medxim” va “Ami Treyd” kompaniyalari rahbarlari tomonidan “Kosonsoy-farm” EIZ hududida farmatsevtika yo‘nalishida investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifi bildirildi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Fransiya prezidentlari qanday kelishuvlarga erishgani haqida yozgandi.