Joriy yil boshidan buyon Toshkent shahrida uy-joylarning o‘rtacha narxi qariyb 20%ga oshgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahlillarida keltirilgan.

Xususan, oktabr oyida ko‘chmas mulk bozorida yoz oylarida boshlangan savdoning yuqori faolligi biroz pasayish bilan o‘rin almashdi.

Bu orada ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni o‘tgan yilning oktabr oyiga nisbatan 4,3%ga oshgan.

Hududlar kesimida yil boshidan buyon savdo hajmining eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax (42%) va Sirdaryo (29%) hamda Toshkentda (15%) kuzatildi.

Kuz boshlarida uy-joy ijarasiga bo‘lgan talabning keskin o‘sishi qayd etilib, bu oktabr oyida sotishning pasayishiga xizmat qildi.

Shuningdek, Toshkentda uy-joy oldi-sotdi hajmi biroz kamaydi — 72 ta. Oktabrda poytaxtda o‘rtacha ijara narxi 17%ga oshib, 1 kv.m uchun $10,5ni tashkil etdi, yil boshidan esa bu ko‘rsatkich 43%dan oshdi.

Uy-joy ijara narxlarining eng yuqori o‘sish sur’atlari Olmazor-49%, Yashnobod-44%, Sergeli-34% va Shayxontohur-33% tumanlarida qayd etildi.


Hisob-kitoblarga ko‘ra, oktabr oyida respublikada ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narx o‘sishi 2,3%ni (sentabrda — 1,1%) tashkil qildi.

Xususan, yil boshidan buyon ikkilamchi bozorda 1 kv.m uchun uy-joyning o‘rtacha narxi 11,4%ga oshdi.


Oktabr oyida narxlarning sezilarli o‘sishi Sirdaryo (6,5%), Qashqadaryo (6,5%) hamda Toshkentda (4,6%) kuzatildi.

Shuningdek, Toshkentda ikkilamchi bozorda uy-joy narxlarining o‘sishi 4,6%ni (sentabrda — 1,7%) tashkil etdi.

Shu bilan birga, poytaxtda yil boshidan buyon o‘rtacha narxlar 19,8%ga ko‘tarilgan bo‘lib, bu talabning, jumladan, chet el fuqarolarining kirib kelishi natijasida sezilarli darajada oshganini ko‘rsatdi.


Avvalroq “Spot” sentabr oyida O‘zbekistonda uy-joy savdosi 19%ga o‘sgani haqida yozgandi.