Prezident kosmik faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2020-yilda dunyoda kosmik xizmatlar bozorining umumiy hajmi $400 mlrd.ga yaqinlashgan. Bunda asosiy o‘rinni yerni masofadan zondlash, aloqa yo‘ldoshlari, navigatsiya xizmatlari egallamoqda. Kelajakda kosmosdan foydalanish ehtiyoji ortib boraveradi.
Shu sabab, prezident ko‘rsatmasiga muvofiq, kosmik tarmoqni rivojlantirishning 5 yillik konsepsiyasi va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Ularda yerni masofadan zondlash, telekommunikatsiya sun’iy yo‘ldoshlari milliy guruhini yaratish, ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, aerokosmik startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash keltirilgan.
Shuningdek, “O‘zbekkosmos” agentligiga quyidagi vazifalar yuklatish mo‘ljallanmoqda:
- kosmik suratlarni tahlil qilish orqali iqtisodiyot sohalarida qonunbuzarlik holatlarini aniqlash;
- davlat kosmik monitoringini amalga oshirish;
- texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha takliflar tayyorlash va boshqalar.
Tarmoq rivoji qishloq va suv xo‘jaligi, yer munosabatlari, ekologiya, geologiya kabi sohalarda tatbiq etilishi ta’kidlandi.
Masalan, ekinlarning turi va maydoni, yerlarning o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy chiqindi joylari paydo bo‘lishini aniqlash darajasi 95%gacha yetadi. Suv inshootlari, yer qa’ri va foydali qazilmalar muhofazasi ham kuchayadi.
Prezident mazkur takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni qabul qilishga ko‘rsatma berdi.
Joriy yilda “Oʻzbekkosmos” agentligi va Britaniyaning “OneWeb” sunʼiy yoʻldosh aloqa kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangandi. Shuningdek, Ilon Mask kompaniyasi agentlik bilan hamkorlikni boshlashi mumkinligi xabar qilingandi.