Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralar olib bordi.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Keyingi yillarda Fransiya kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma korxona va loyihalar soni uch barobar ko‘paydi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning joriy portfeli 5 mlrd yevrodan oshdi.
Energetika, geologiya-qidiruv, oziq-ovqat sanoati va savdo sohalarida “Total Eren”, “Veolia”, “EDF”, “Orano”, “Lactalis”, “Carrefour” va “Shiever” kabi kompaniyalarning faoliyati qayd etildi.
Shahar infratuzilmasini rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyot, kommunal, gidroenergetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi loyihalarda ishtirok etayotgan Fransiya taraqqiyot agentligi faoliyatiga to‘xtaldi.
O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlik tadbirlarining yakunlari, ularning doirasida umumiy qiymati 6 mlrd yevrodan ortiq bo‘lgan savdo-iqtisodiy bitim va shartnomalar imzolangani bo‘yicha mulohazalar bildirildi.
Tomonlar Samarqandda Fransiya alyansining bo‘linmasi ochilishini qo‘llab-quvvatladi hamda joriy yilning 27−28 noyabr kunlari Parijda ikkinchi O‘zbekiston-Fransiya ta’lim forumining o‘tkazilishini ma’qullashdi.
Uchrashuv davomida fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Shuningdek, Luvr muzeyida “O‘zbekiston vohalarining mo‘'jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” va Arab dunyosi institutida “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘'jizalari” ko‘rgazmalari ochilishi qayd etildi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronni o‘zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan O‘zbekistonga borishga taklif etdi.
Avvalroq, Fransiya savdo vazirligi rahbariyati va fransuz kompaniyalari savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhakamlar o‘tkazilgandi.