Fransiyaning “Voltaliya” kompaniyasi O‘zbekistonda umumiy quvvati 500 megavatt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini quradi. Bu haqda kompaniya saytidama’lum qilindi.
Xususan, prezidentning Fransiyaga rasmiy tashrifi davomida O‘zbekiston va “Voltaliya” o‘rtasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida elektr energetikasi klasterini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Amalga oshirilishi belgilangan loyiha o‘z ichiga 200 megavatt quyosh energiyasi, 200 megavatt shamol hamda 60 megavatt/240 megavatt soat batareyani olib, 2026-yildan foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, joy “Voltalia” va Energetika vazirligi tomonidan tanlanishi belgilangan.
Klaster yiliga bir teravatt-soatdan ortiq energiya ishlab chiqaradi. Natijada 800 mingdan ortiq aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash mumkin bo‘ladi.
“O‘zbekistonda energiya almashinuvini qo‘llab-quvvatlayotganimizdan faxrlanamiz. Uchta texnologiyani o‘zida mujassam etgan ushbu klaster loyihasi mintaqada birinchi hisoblanadi”, — dedi “Voltalia” kompaniyasining bosh direktori Sebastyan Klerk.
2021-yili “Voltalia” kompaniyasi Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender loyihasida o‘z texnik, tijoriy va moliyaviy takliflarini taqdim etgandi.
Xususan, O‘zbekiston 2026-yilgacha qayta tiklanadigan energiya quvvatini 8 gigavattga, 2030-yilgacha esa 12 gigavattga yetkazmoqchi.
Fransiyaning “EDF” kompaniyasi Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida bugʻ-gaz issiqlik elektr stansiyasi loyihalarini amalga oshirishi belgilangan. Shuningdek, Toshkent va Navoiy viloyatlarida muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan jami quvvati 1250 MVt loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirgan.
“Voltalia” kompaniyasi 2005-yilda tashkil etilgan. Energiya ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi provayder global energiya va ekologik o‘tish harakatiga qo‘shilishga yordam beradi.