Joriy yilda O‘zbekistonga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar soni 4,5 mln.ga yetadi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovga asoslanib, “TACC” xabar bermoqda.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki yarim barobar ko‘p bo‘lib, 2021-yilda mamlakatga kelgan sayyohlar soni 1,8 mln.ni tashkil etgan.

“Yil boshida ekspertlar mamlakatga 2 mln.ga yaqin xorijiy sayyoh kelishini taxmin qilishgan bo‘lsa, bugungi kunda 4,5 mln xorijiy sayyoh kelishini ma’lum qilish mumkin”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Uning ta’kidlashicha, xorijiy sayyohlarning har biri O‘zbekistonda bo‘lishlari davomida o‘rtacha hisobda $305 qoldiradi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili bir yarim barobar kam bo‘lgan.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga 4,1 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Natijada, xorijiy turistlar soni 2021-yilning mos davriga nisbatan 2,8 mln.ga oshgan.

Shuningdek, joriy yilning sentabr oyida ularning soni 3,5 mln, avgust oyida 3 mln hamda iyul oyida 2,4 mln.ni tashkil etgandi.

Sakkiz oy davomida xorijlik turistlar O‘zbekistonga $926 mln olib keldi. Sayohat davomiyligi o‘rtacha 4−5 kunga to‘g‘ri kelib, sarflangan mablag‘i $305 gacha ko‘paydi.

“Immigrant House” maʼlumotlariga koʻra, o‘n oyda Oʻzbekistonga 395 ming rossiyalik sayyohlik maqsadida kelgan. Birgina, uchinchi chorakda ularning soni 126 ming.ni tashkil etdi.