“Toshkent” xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminali oldida 333 ta o‘ringa mo‘ljallangan to‘liq avtomatlashtirilgan avtoturargoh test rejimida ishga tushdi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

“Parkovka” avtomobillarning davlat raqamlarini mustaqil ravishda eslab qoladi, shuningdek, kirish va chiqish hamda to‘lovlarni qabul qilish imkonini beradi.

Haydovchilarga to‘xtash joyi uchun to‘lov amalga oshirishning ikki usuli taklif etiladi. Avtomashina raqamini avtomatik identifikatsiyalangan taqdirda, to‘xtash joyi uchun to‘lov maxsus avtoturargoh hisoblagichi orqali naqd pulda yoki QR kod yordamida amalga oshirilishi mumkin.

Buning uchun mashina raqami terminalga kiritiladi, shundan so‘ng to‘lov miqdori parkometr displeyida paydo bo‘ladi.

Agar mashinaning raqamini avtomatik ravishda aniqlash imkoni bo‘lmasa, avtoturargohga kirishda o‘rnatilgan terminaldan maxsus chiptani olib, chiqishda uning yordamida to‘lov amalga oshirish lozim.

“„K2“ kompaniyasidan Yaponiyaning „Amano“ brendidagi avtoturargoh uskunalari xarid qilindi va o‘rnatildi. O‘zbekistonda bugungi kunda bunday yechimlar, ayniqsa, to‘lovdan so‘ng mijozga avtomatik ravishda qaytim beradigan tizimlar hozirda yo‘q”, — dedi IT departament direktori Kirill Lavrik.


Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil raqamlarining qo‘shimcha shablonlarini qo‘shish, to‘lov usullarini to‘ldirish bo‘yicha ba’zi texnik nyuanslar yakunlanmoqda. Shu bilan birga, avtomobil haydovchilarini yangi texnologiyalarga o‘rgatish ustida ham ish olib borilmoqda.

Hozirvbarcha yangi va eski banknotalar, qaytimni olish imkoniyati bilan, to‘lovga qabul qilinadi. Shu bilan birga, “Payme” to‘lov tizimi yordamida QR-kod orqali to‘lovni amalga oshirish mumkin.

Yaqin vaqt ichida boshqa to‘lov tizimlari, shuningdek, “Visa”, “Mastercard”, “Humo” va “UzCard” bank kartalari orqali to‘lovlar amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, mobil ilova bilan avtoturargohning integratsiyalashuvi ham yakunlanmoqda, bu esa avtomobildan chiqmasdan to‘lovni amalga oshirish imkonini beradi.

“Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Djurayevaning ta’kidlashicha, haydovchilarning 99%i avtoturargoh uchun naqd pulda to‘lov amalga oshiradi, bu esa mablag‘larning noqonuniy chiqib ketish imkoniyati kattaligidan dalolat beradi. Tizimning ishga tushirilishi korrupsiyaning oldini oladi.

“Avtomatlashtirish korrupsiya faktini butunlay istisno qiladi — terminal bilan „kelishib“ bo‘lmaydi va u daromadlarni yashirmaydi. To‘liq moliyaviy shaffoflik”, — dedi u.

Hozir ikkinchi avtoturargohda — kelish terminali oldida uskunalarni o‘rnatish va sozlash ishlari olib borilmoqda. Poytaxt aeroportining qolgan avtoturargohlari ham to‘liq avtomatlashtirilishi belgilangan.


Avvalroq, Toshkentning 10 ta markaziy ko‘chasida pullik “parkovka"lar tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.