Mirobod tumanida bankomatlardan qaytgan mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Departamentning Mirobod tuman bo‘limi tomonidan “Turonbank"ning murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruv natijasida soxta ma’lumotlar tuzish orqali jami 347,5 mln so‘m va $7,6 ming o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Xabarga ko‘ra, ushbu bank xizmatlari markazi kassa amaliyotlari bo‘limi kassiri J.D. va boshqa mas’ul shaxslari bank xizmatlari markaziga qarashli 10 dona bankomatdan qaytgan mablag‘larni tegishli tartibda kirim qilmagan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Sirdaryoda o‘tkazilgan tender tanlovlarida qonun buzilish holatlari aniqlangani haqida yozgandi.

Xususan, 2 ta holat bo‘yicha tuzilgan 207 mln so‘mlik shartnomalar haqiqiy emas deb topilib, bekor qilingan.