Sirdaryoda o‘tkazilgan tender tanlovlarida qonun buzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, joriy yilda viloyatda jami 129,6 mlrd so‘mlik 471 ta eng yaxshi takliflarni tanlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov savdolarida o‘rganish ishlari olib borilgan.

Natijada, 29 ta holatda ishtirokchilar o‘rtasida, 25 ta holatda esa buyurtmachi bilan ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik holatlari mavjudligi aniqlangan.

Bu bo‘yicha hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar ma’muriy javobgarlik bo‘yicha sud organlariga yo‘naltirildi.

Xususan, 2 ta holat bo‘yicha tuzilgan 207 mln so‘mlik shartnomalar haqiqiy emas deb topilib, bekor qilindi.

Shuningdek, 27 ta holat bo‘yicha, shundan “Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi”, Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasi, Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi hamda Sirdaryo tuman Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mas’ul rahbarlariga nisbatan ma’muriy tartibda intizomiy chora qo‘llanilgan.


Avvalroq, joriy yilda davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan 2 305 ta savdo jarayonida 2 511 ta raqobatga zid holatlar aniqlangandi.