“IT Park” “iTransition” kompaniyasining dasturiy ta’minot yaratuvchisi rossiyalik Yevgeniy Aveltsev bilan suhbatni taqdim etdi.
Yevgeniy Aveltsev 35 yoshda. U o‘z faoliyatini 19 yoshida boshlagan. Oldin yirik kompaniyada ishlab, keyinchalik xalqaro dasturlash olamida o‘z kuchini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi.
U O‘zbekistonga joriy yilning aprel oyida ko‘chib kelgan, hozirda “iTransition"da faoliyat yuritadi.
Nega O‘zbekiston
Yevgeniy mamlakatga ko‘chib o‘tmasidan oldin uning hamkasblari va do‘stlarining aksariyati Gruziyaga ketishgan. Biroq u bunga qaramay Toshkentni tanlagan.
“Men turli yo‘nalishlarni, barcha mamlakatlar haqida ma’lumotlarni, statistikani o‘rganib chiqdim. Iqtisodiy vaziyatiga qaradim, o‘z so‘rovlarimni hayotimda ko‘rishni xohlagan narsalar bilan taqqosladim. O‘zbekiston esa mening barcha talab va ehtiyojlarimni qondirdi”, — deydi u.
Uning O‘zbekistonni tanlashiga yana bir sabab mamlakatda rus tilida muloqot qila olish mumkinligidir.
Mutaxassisning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston IT-sanoati to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanmoqda. U mamlakatga kelgan vaqtida “IT Park” ko‘magi bilan uy topgan va barcha jarayonda kompaniya unga yordam bergan. “IT Park” mavjudligi davlat IT yo‘nalishidan manfaatdor ekanligini anglatadi, deydi u.
“Bu yerda IT-sanoati istiqbolli soha ekanligini ko‘rayapman. Mamlakatning IT-sohasi ideal tarzda qanday rivojlanishi kerakligini tasavvur qilsak, O‘zbekiston bu idealga yaqin” — dedi Yevgeniy.
Elektr tarmog‘idagi uzilishlar va bank xizmatlari
Uning Toshkentda yashayotganiga bir yil bo‘lyapti. Bu vaqt ichida u mamlakatning plyus va minuslarini ko‘rib ulgurdi. U internet sifatini rivojlantirish kerakligi, uy simsiz interneti nisbatan sust ishlayotgani, biroq mobil internet sifati asosan yaxshi ekanini baholadi.
Shuningdek, elektr tarmog‘idagi uzilishlar ish jarayoniga ta’sir qilishini va mamlakatda bu muammo hal etilishiga ishonishini bildirdi. Qolaversa, bank xizmatlari sifati ham Rossiya bank tizimidan farq qilishini aytgan. Uning fikricha, Rossiya banklari bilan ishlash qulayroq.
Qo‘shnichilik. “Toshkentda bolalarning dam olishi uchun barcha sharoit mavjud. Bu yerda bog‘lar biznikiga qaraganda yaxshi tashkil etilgan” — deydi Yevgeniy. Shuningdek, u mamlakat aholisidan mamnun — o‘zbekistonliklarni mehmondo‘st, samimiy, mehribon insonlar va yoqimli suhbatdosh, deb biladi.
“Sankt-Peterburgda qo‘shnilarning bir-birini tanishi kam uchraydigan holat, ammo O‘zbekistonda qo‘shnilaringizni bilmaslikning o‘zi g‘alati. Bunday munosabatda bo‘lish juda yaxshi” — dedi u.
“Click” ilovasi orqali davlat xizmatlari
Yevgeniy O‘zbekistonda byurokratiya mavjudligi va xizmatlar sifatini oshirish kerakligini qayd etdi. Bu kamchiliklar IT-sohasining rivojlanishi haqidagi umumiy taassurotni biroz buzadi.
“Davlat xizmatlarini “Click” ilovasi orqali to‘lash mumkinligi uni hayratlantirgan holatlardan biri. “Sankt-Peterburgdagi ba’zi davlat xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshirishda noqulay terminallardan foydalanishga va ma’lumotlarni qo‘lda kiritishga to‘g‘ri keladi” — deydi u.
Yevgeniyni O‘zbekistondagi haydovchilar va haydash uslubi ham hayratga solgan. U statistik ma’lumotlar bilan tanishib, bu yerda baxtsiz hodisalar nisbatan kamligiga amin bo‘lgan.
“To‘g‘risini aytsam, piyodalar o‘tish joylari yetarli emas, haydovchilar har doim ham piyodalarni o‘tkazib yubormasligini payqadim, lekin vaqt o‘tishi bilan bu holat o‘zgaradi deb o‘ylayman, chunki haydash madaniyatini oshirish tendensiyasi kuzatilmoqda”, — deydi u.
Milliy taomlar va xushbo‘y ziravorlar
Yevgeniy O‘zbekistonning milliy taomlarini e’tirof etib, odamlar sifatli ovqatni yaxshi ko‘rishi va mamlakatda ushbu planka juda yuqori ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, u odamlar nega bunchalik mehribon va tabassumli ekanliklarini tushunishini quyidagicha izohladi: bu eng yaxshi antidepressant, bu yerdagi kabi mazali taomlar esa ilhom baxsh etadi va yaxshi kayfiyatni ko‘taradi.
“Bizga mahalliy bozorlar ham yoqdi. Ular juda chiroyli va o‘ziga xos. Men barcha qatorlar bo‘ylab yurishni, ziravorlarning xushbo‘y hidlarini hidlashni va savdolashishni xohlar edim. Menga savdolashish ham yoqdi, bu muloqotning o‘ziga xos shakli va qiziqarli tajriba”, — deydi Yevgeniy.
Yevgeniy va uning oilasi hozircha shu yerda yashashni rejalashtirmoqda. “O‘zbekistonda o‘zimni qulay va yaxshi his qilyapman. Menda o‘zbek tilini o‘rganish istagi bor, tez orada ushbu xohishimni o‘zlashtiraman deb o‘ylayman”, — dedi.