“Yobidoyobi” sushi va rollarni yetkazib berish tarmog‘i boshqa mamlakatlarga ko‘chgan rossiyaliklar uchun jami 50 mln rubl miqdorida grantlar ajratdi. Bu haqda kompaniya “Spot"ga ma’lum qildi.
Natijada rossiyaliklar o‘zlari ko‘chib o‘tgan mamlakatda tarmoq franshizasini ochishlari mumkin bo‘ladi.
Grant miqdori biznesni huquqiy, tahliliy va strategik qo‘llab-quvvatlashni, shuningdek, franchayzing sotib olish uchun bir martalik to‘lovga chegirmani o‘z ichiga oladi.
“Biz Rossiyani tark etganlarga o‘z biznesini ochishga yordam berishga qaror qildik va umumiy miqdori 50 mln rubl grant ajratdik. Ajratilgan grantlar orqali ular o‘zlari yashash joyi sifatida tanlagan mamlakatlarda „PuzzleFood“ xoldingining franchayzing loyihalarini ishga tushirishlari mumkin”, — dedi “Yobidoyobi” tarmog‘i asoschisi Konstantin Zimen.
Franchayzinglar “PuzzleFood” xoldingining istalgan brendlari — “Yobidoyobi”, “Big Russian Rolls”, “Puzzle Pizza” hamda “Pomidor” va “Cheddar” brendlari ostida loyihalarni ishga tushirishlari mumkin.
Ayni paytda Rossiyada 190 ta, Qozog‘istonda 3 ta “YobiDoyobi” shoxobchalari mavjud bo‘lib, ularning aksariyati franchayzing sifatida faoliyat yuritadi.
Har bir loyihaga investitsiyalar 1,5 mln rublni tashkil qilib, bir yildan kamroq vaqt ichida to‘lanadi.
Filialning o‘rtacha sof foydasi ochilgandan keyin olti oy ichida 300 ming rubldan, yil davomida 500 ming rublgacha yetadi.
Kelgusi yilda “PuzzleFood” dunyoning 15 ta mamlakatida xolding loyihalarini ochishni rejalashtirmoqda.
“Biz rossiyaliklar qayerga tez-tez borishlarini tahlil qildik. Eng mashhur davlatlar qatorida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkiya, Armaniston, Gruziya, Kipr, Portugaliya, Boku, Isroil, Tailand, Germaniya, Boltiqboʻyi mamlakatlari, Tojikiston va BAA bor”, — dedi tarmoq asoschisi.
Konstantin Zimenga ko‘ra, ushbu mamlakatlar “PuzzleFood” loyihalarini rivojlantirish uchun eng istiqbolli bozorlar hisoblanadi.
“Yobidoyobi” kompaniyasi 2016-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Rossiyada yapon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beradi.
Avvalroq “Spot” Rossiyaning “IThub” akademiyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.