Uy-joy sotib olish uchun subsidiya arizasini hokimlik va tashkilotlar ko‘rib chiqishi bekor qilinadi

Uy-joy sotib olish uchun subsidiyaga talabgorlarni tanlab olish komissiyalari tarkibidan yoshlar ishlari agentligi boʻlim boshligʻi va aholi bandligiga koʻmaklashish markazi direktorlari chiqariladi.

Shuningdek, arizani aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari, Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari, yoshlar ishlari agentligi boʻlimlari va tuman (shahar) hokimligi tomonidan koʻrib chiqish tartibi bekor qilinadi.

Bunda mazkur tashkilotlarning maʼlumotlari portal orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.

Uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlari doirasida quyidagilar ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslar toifasiga kiritiladi:

  • yosh oilalar, shu jumladan, 30 yoshdan oshmagan fuqarolar;
  • olis va chekka hududlardagi byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlash uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassislar va tibbiyot xodimlari.



Yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi

Yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash hamda takroran buzish holatlarining oldini olish maqsadida haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi

Bunda, har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi hamda u belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi ma’lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.

Shuningdek, muayyan davr mobaynida yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi.


MCHJ va DUKlarda ichki auditni tashkil etish tartibi bekor qilinadi

MCHJlar hamda aktivlarining balans qiymati BHMning 100 ming barobaridan kam, davlat ulushi 50% va undan ko‘p aksiyadorlik jamiyatlari hamda DUKlarda ichki auditni tashkil etish talabi bekor qilinadi.

Bundan tashqari MCHJning ta’sis shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda jamiyat vakillariga umumiy yig‘ilishda ishtirok etish uchun beriladigan ishonchnomani notarial tasdiqlash tartibi tadbiq etilmaydi.

Shuningdek, MCHJda zaxira jamg‘armasi tashkil etilganda uning miqdorini ustav fondining kamida 15%i etib belgilash tartibini ham bekor qilish keltirilgan.



Bojxona ko‘rigini qamrab olgan mobil tizim ishga tushiriladi

Bojxona ko‘rigi jarayonlari qamrab olingan mobil elektron tizim ishga tushiriladi.

Tizimdagi xizmatlar to‘liq raqamlashtirilgan holda “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 40 taga yetkaziladi.


Ayrim tovarlar ichki bozorda birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi

Prezident qarori bilan 1-dekabrdan 2024-yilgacha quyidagi tovarlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi:

  • monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan po‘lat shar, metall list prokati, suyuq uglerod oksidi, texnik kislorod, kaustik soda, neft koksi, sintetik nafta, barda — ishlab chiqarish hajmining 100%i;

Monopol bo‘lmagan va ustav fondida davlat ulushi 50%dan kam bo‘lgan yoki davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan:

  • metall list prokati va sement — ishlab chiqarish hajmining kamida 50%i;
  • paxtadan olingan chigit, paxta moyi (ekstraksiya paxta moyi), qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) va iste’mol etil spirti — ishlab chiqarish hajmining 100%i.



“Taekvondo (WT) hamma uchun” dasturi amalga oshiriladi

Taekvondoni ta’lim muassasalari hamda yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish orqali ommalashtirish, aholining mazkur sport turiga qiziqishini oshirish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, ta’lim muassasalari, mahallalarda taekvondo bo‘yicha to‘garaklar tashkil etiladi.

Shu bilan birga, mazkur to‘garaklarga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalar farzandlarining taekvondo bilan shug‘ullanish xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy etiladi.


$10 minggacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini chetga olib chiqishga ruxsat beriladi

Oltin va kumushga kechiktirib to‘lash uchun barcha banklar va Eksportni rag‘batlantirish agentligi kafolatlari qabul qilinadi hamda yakka tartibdagi zargarlar uchun kafolat olish imkoniyati yaratiladi.

Oltin, kumush va zargarlik uchun zarur boshqa xom ashyolarni qayta ishlash uchun vaqtincha olib kirish va olib chiqishda litsenziya talabi bekor qilinadi.

Shuningdek, zargarlar ishlatadigan qimmatbaho va bezak toshlari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi hamda $10 minggacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini chetga olib chiqishga ruxsat beriladi.



ID-kartani rasmiylashtirishda fuqarolardan ortiqcha hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi

Fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi o‘zgarganligi yoki yozuvlarda noaniqliklar aniqlangan taqdirda identifikatsiyalovchi ID-kartani rasmiylashtirishda ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmaydi. Mazkur holatlar elektron tizim orqali tekshiriladi.

Shuningdek, jinoiy jazoni o‘tab chiqqan fuqarolarga yangi identifikatsiyalovchi ID-kartani rasmiylashtirishda ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni elektron tizim orqali olish tartibi joriy etiladi.