Markaziy bank O‘zbekiston banklarining joriy yilning o‘n oyidagi daromadlik ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Xususan, oktabrda banklarning foizli daromadlari 52,5 trln so‘mni tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,4 baravar o‘sgan.
Shuningdek, banklarning foizsiz daromadlari o‘tgan yilning o‘n oyiga nisbatan 1,9 baravar o‘sib, 27,3 trln so‘mga yetgan.
Bu davrda foizli marja ko‘rsatkichida ham sezilarli o‘sish kuzatildi — joriy yilning to‘qqiz oyiga nisbatan 12,4% o‘sish bilan qariyb 20 trln so‘mga yaqinlashdi.
Mazkur davrda, banklar foyda solig‘ini to‘lashga 2,4 trln so‘m ajratdi hamda sof foyda o‘tgan oyga nisbatan 1,1 baravar o‘sib, 8,1 trln so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 5,1 trln so‘m edi.
Avvalroq, regulyator milliy va xorijiy valyutadagi bank kreditlarining foiz stavkalari, muomaladagi bank kartalari hamda naqd pullarga oid statistik ma’lumotlarni taqdim etgandi.