Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun “Crypto Trade NET” va “Crypto Market"larga birinchi litsenziyalar berilgandi.
Mazkur agentlik tomonidan yana bitta kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun “Crypto EXPRESS"ga litsenziya berildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tegishli ma’lumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritilgan hamda agentlik rasmiy veb-sahifasida foydalanish uchun ochiq hisoblanadi, deyiladi agentlik xabarida.
Avvalroq Adliya vazirligida kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish qoidalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
Unga ko‘ra, bu faoliyat turi kripto-do‘konning elektron platformasi yoki savdo obyekti orqali amalga oshiriladi.
Xususan, kripto-do‘konning elektron platformasi orqali:
- jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish yoki sotish;
- chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni xorijiy valyutada sotib olish yoki sotish.
Kripto-do‘konning savdo obyekti orqali esa:
- jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish;
- mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni naqd pul ko‘rinishida milliy yoki xorijiy valyutada sotib olish;
- mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni faqat milliy valyutada sotish.
Kripto-do‘konda majburiy identifikatsiyadan o‘tkazilmagan mijozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar hamda O‘zbekiston rezidentlari tomonidan chiqarilgan kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Avgust oyida kripto-aktivlar sohasidagi provayderlarni litsenziyalash tartibi, sentabr oyida esa kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yig‘imlar miqdori belgilangandi.