Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda $7,5 mlrd.lik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i Bahrom Xudoyberdiyev ma’lum qildi. Natijada, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari 115%ga bajarilgan.

Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar $6,6 mlrd, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari $941 mln.ni tashkil qilgan.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar bo‘yicha tarmoq korxonalari tomonidan $2,68 mlrd hamda hududiy loyihalar bo‘yicha $3,9 mlrd mablag‘lar o‘zlashtirildi.

Tarmoqlar bo‘yicha avtosanoat (3,2 barobar), to‘qimachilik (1,8 barobar), kimyo sanoati (1,5 barobar) va axborot texnologiyalari (1,6 barobar) sohalarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilgan.

Hududlar kesimida Farg‘ona (2,4 barobar), Toshkent (2 barobar), Samarqand (1,8 barobar) va Andijonda (1,7 barobar) o‘sish kuzatilgan.

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larining asosiy qismi Jahon banki ($248 mln), Osiyo taraqqiyot banki ($231,3 mln), Xitoy ($77,8 mln), Islom taraqqiyot banki ($72 mln), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ($60,4 mln) va Yaponiya ($37,5 mln) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mazkur mablag‘lar asosan qishloq va suv xo‘jaligi, kommunal xo‘jalik, energetika, transport infratuzilmasi, neftegaz va kimyo sanoati hamda sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilgan.

Qiymati $3 mlrd.lik 72 ta yirik loyihalarni ishga tushirish orqali 12 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, erkin iqtisodiy zonalarda yanvar-sentabr oylarida qiymati $293,7 mln.lik 56 ta investitsiya loyihalari ishga tushirildi va 5 001 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Yil yakuniga qadar xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish kamida $11,7 mlrd.ni tashkil etishi kutilmoqda.

Olti oyda Oʻzbekistonda $4,5 mlrd.lik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgandi. Mamlakat iqtisodiyotida xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilgan korxonalarning ahamiyati ortyapti.

2017−2021 yillar oralig‘ida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 2,7 baravarga oshib, joriy yilning 1-yanvar holatiga 13,2 mingtaga yetgan.

Investitsiya kiritayotgan 50 dan ortiq mamlakatdan Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Janubiy Koreya yetakchilik qilmoqda.

Shuningdek, keyingi 5 yilda sarmoyalar hajmini $120 mlrd.ga yetkazish, kamida $70 mlrd xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘zlangan.