Parij shahrida Toshkent shahar hokimligi hamda “Le Cordon Bleu” akademiyasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.

Tomonlar uchrashuvda turizm va mehmonxona biznesi sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Mazkur kelishuvga asosan Toshkent shahrida mehmonxona xo‘jaligi va oshpazlik san’ati instituti tashkil etiladi.

Unda pazandachilik va mehmonxona biznesi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Shuningdek, u O‘zbekistonda mehmonxona ta’limining yangi standartlarini joriy etishga yordam berishi ta’kidlanmoqda.

Bundan tashqari, akademiya O‘zbekistonning turizm salohiyatini xalqaro ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarda targ‘ib qilishga ko‘maklashadi.

"Le Cordon Bleu" akademiyasi 1895-yilda Parijda tashkil etilgan bo‘lib, mehmonxona va pazandachilik maktablarining xalqaro tarmog‘i hisoblanadi.


Avvalroq “Spot” Hindistonning “Acharya” institutlar tarmog‘i Buxoroda xalqaro universitet tashkil etishi haqida yozgandi.