“Facebook” kompaniyasi Irlandiya maʼlumotlarini himoya qilish komissiyasi tomonidan 265 mln yevro ($277 mln) jarimaga tortildi, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri.
Komissiya tomonidan olib borilgan tergov ijtimoiy tarmoqda maʼlumotlarning sizib chiqishiga qarshi choralari YeI umumiy reglamenti yoki GDPR talablariga javob bermasligini aniqladi.
“Bloomberg” xabariga ko‘ra, 533 mln foydalanuvchining mobil telefon raqamlari va elektron pochta xabarlari internetda paydo bo‘lgani ortidan tergov 2021-yil aprel oyida boshlangan.
“Meta” kompaniyasi matbuot kotibining ta’kidlashicha, “Facebook” apellyatsiya berish yoki bermaslik haqida qaror qabul qilmagan.
Shuningdek, u kompaniya 2019-yilda ma’lumotlar sizib chiqishni aniqlagan va bu to‘xtatilganini hamda shundan beri himoya mexanizmlarini takomillashtirganini aytdi, deb yozadi “WSJ”.
Komissiya “Meta”, “Apple”, “Google”, “TikTok” va boshqa yirik texnologik kompaniyalarning Irlandiyada joylashgan Yevropa shtab-kvartirasi bilan ishini kuzatib boradi, deya qayd etadi “CNBC” nashri.
Joriy yil noyabr oyining oxiriga kelib, turli korporatsiyalarga qarshi 40 ta tergov ochilgan bo‘lib, ulardan 13 tasi “Meta"ga tegishli.
OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, bu Sukerberg kompaniyasining so‘nggi 15 oydagi uchinchi DPC jarimasidir.
2021-yilda regulyator “WhatsApp"dan 225 mln yevro talab qildi, 2022-yil sentabrida “Instagram"ni o‘smirlar ma’lumotlarini noto‘g‘ri ishlatgani uchun rekord darajada 405 mln yevro jarimaga tortdi.
Avvalroq “Spot” “Google” foydalanuvchilar joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni ular rad etganidan keyin ham to‘plaganligi sabab qariyb $400 mln jarima to‘lashi haqida yozgandi.