Rossiyada qurilish sohasida kadrlar yetishmovchiligi mehnat muhojirlarini jalb qilish hisobiga to‘ldiriladi, deya xabar bermoqda “Kommersant” Davlat dumasining qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Vladimir Koshelevga tayanib.

Sohada oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, eng yirik yoʻl qurilish kompaniyalarining 90%i malakali mutaxassislar va ishchi kuchi yetishmasligi haqida ta’kidlashgan.

Kutilamalar kelgusi olti oyda vaziyatning yomonlashishini koʻrsatmoqda, deyiladi xabarda.

Avgust oyida Rossiya Qurilish vazirligi boshlig‘i o‘rinbosari Nikita Stasishin pandemiya davrida kuzatilgan qurilish kadrlari yetishmovchiligi tugagani haqida xabar bergandi.

MDHdan kirishning soddalashtirilgani muammoni hal qilishga yordam bergan va dastlabki besh oy ichida O‘zbekistondan 500 mingdan ortiq muhojir kelgan.

Biroq, qisman safarbarlik fonida quruvchilar bilan bog’liq muammolar yana qayd etilgan.

Xabarga ko‘ra, ishchilarning 8%igacha armiyaga chaqirilgan, yana 2−3% chet elga yoki o‘z mamlakatiga ketgan.

Umuman olganda, tanqislik mutaxassislar tomonidan 12% dan 25% gacha baholanmoqda, deb yozadi “Kommersant”.

Rossiya uchun muhojirlar manbai bo‘lgan mamlakatlarda mehnat bozorida, ayniqsa, muhandislik va ishchi xodimlarga talab ham oshgan.

Mutaxassislarning fikricha, qurilishda kadrlar yetishmasligining asosiy sababi mehnat unumdorligining pastligidir.

20 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlab chiquvchilar zamonaviy texnologiyalarni joriy etish o‘rniga qo‘shni davlatlardan arzon ishchi kuchini olib kelishmoqda.

Aprel-iyun oylarida Rossiyaga O‘zbekistondan 1,54 milliondan ortiq mehnat muhojiri kelgan, bu ko‘rsatilgan davr mobaynida kelganlarning qariyb yarmini tashkil etgan.


Avvalroq “Spot” Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarini mehnat bozoriga jalb etish bo‘yicha yangi qaror qabul qilingani haqida yozgandi.