Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida chiqindi mahsulotlaridan qattiq yoqilg‘i (pellet) ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uning yillik ishlab chiqarish quvvati 12 ming tonnani tashkil etib, loyiha natijasida 20 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Zavod Energetika vazirligi va Koreya energetika agentligining hamkorlikdagi loyihasi hisoblanadi. Loyiha muqobil yoqilg‘i turini rivojlantirishga va energiya resurslarini tejashga qaratilgan.
Muqobil yoqilg‘i turlaridan biri hisoblangan mazkur qattiq yoqilg‘i mahsulotidan xonadon va ijtimoiy soha obyektlarini isitishda foydalaniladi.
Pellet — turli xil don ekinlarining somoni, makkajo‘xori poyasi, deyarli barcha o‘simliklarning ildizlari va barglari, yog‘ochni qayta ishlashdan chiqqan chiqindilar hamda maishiy chiqindilardan tayyorlanadi.
Avvalroq, O‘zbekistonda chiqindilar utilizatsiyasidan qancha bioyonilg‘i ishlab chiqarish mumkinligi bo‘yicha ekspert fikri e’lon qilingandi.