Turkiyaning “Akcha Holding” kompaniyalar guruhi O‘zbekistonda to‘qimachilik sexi qurishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Bu bo‘yicha, xolding direktorlar kengashi a’zosi Ahmet Bilge Go‘ksan boshchiligidagi delegatsiya vazir Jamshid Xo‘jayev bilan uchrashdi.
Tomonlar mashinasozlik va qayta tiklanadigan energetika kabi sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni ko‘rib chiqdi hamda hamkorlik uchun asosiy sanoat sifatida to‘qimachilikni tanladi.
“Akcha Holding” vakillari Namangan viloyatida $250 mln.lik yangi investitsiya loyihasini ishga tushirishni taklif qilishdi. Sexda ip-kalava mahsulotlari, bo‘yalgan gazlama va zig‘ir matolari, terri sochiqlar, maishiy trikotaj va boshqa to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Natijada, AQSh, Kanada, Braziliya, Yevropa Ittifoqi va boshqa mamlakatlarga mahsulotlarni eksport qilish kutilmoqda. Buningdan tashqari, loyiha ishga tushishi bilan 12−15 ming ish o‘rni yaratiladi.
O‘zbekiston tomoni loyihaning barcha bosqichlarida investorlarga yordam berishga tayyorligini bildirdi.
“Akcha Holding” kompamniyasi tarkibida yengil sanoat, energetika, oziq-ovqat mahsulotlari, turbodizel generatorlari va motorlar ishlab chiqarish sohalaridagi korxonalar mavjud hamda hozir 20 mingdan ortiq xodim ishlaydi.
Oktabr oyida prezident qarori bilan Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etilgandi. Unda 6 ta bakalavriat hamda 8 ta magistratura yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi belgilangan.