Hukumat qarori bilan korporativ boshqaruvchi malaka attestatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, mazkur attestat Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan korporativ boshqaruv sohasida malaka mavjudligini tasdiqlash uchun beriladi.

Bunda talabgor quyidagi asosiy malaka talablariga mos kelishi kerak:

  • oliy maktabning “Korporativ boshqaruvning zamonaviy amaliyoti va tamoyillari” bo‘yicha o‘quv kursini tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatiga ega bo‘lishi;
  • “Biznesni boshqarish”, “Kapital bozori va birja ishi” va “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik” (“Biznes innovatsiyalar va tadbirkorlik”) magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha korporativ boshqaruv fanini 86 ball va undan yuqori darajalarda o‘zlashtirgan bo‘lishi.

Shu bilan birga, talabgor xorijiy OTM va biznes maktablarida tahsil olgan, ilmiy darajalarga ega bo‘lgan hamda korporativ boshqaruv fani bo‘yicha eng yuqori baho yoki ball olgan bo‘lishi kerak.

Davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun BHMning 1 baravari ya’ni 300 ming so‘m miqdorida yig‘im undiriladi. Agar Yagona portal orqali murojaat qilinsa, 270 ming so‘m to‘lash mumkin.

Malaka attestatining amal qilish muddati 5 yilni tashkil etadi hamda uzaytirilmaydi.


Avvalroq, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun imzolangandi.