O‘zbekistonda Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 338 taga yetdi. Shundan 215 tasi qo‘shma, 123 tasi esa 100% Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi.
Bu haqda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya Savdo va sanoat kengashining (UBTIC) 26-yig‘ilishida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov ta’kidladi.
Korxonalar asosan, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, to‘qimachilik va kimyo sanoatida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Ta’kidlanishicha, bunga O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning GSP tizimining kengaytirilgan sxemasi benefitsiari maqomiga ega bo‘lgani yordam bermoqda.
O‘z navbatida, Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari — Istanbuldagi Bosh konsul Kenan Poleo, Buyuk Britaniya Xalqaro savdo departamenti bosh direktori Endryu Mitchell Britaniya kompaniyalari vakillarini O‘zbekistonning bozorida o‘z faoliyatini kengaytirishga chaqirdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan xususiylashtirish dasturida britaniyalik investorlarning ishtiroki, O‘zbekiston kompaniyalarining birlamchi ommaviy taklif (IPO)ga qo‘yilishi, davlat-xususiy sheriklik asosida sarmoyaviy va infratuzilmaviy loyihalarini birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari va ikki davlat o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik salohiyati muhokama qilindi.
Savdo-sanoat va O‘zbekiston-Buyuk Britaniya kengashi yakunlari bo‘yicha savdo, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, atrof-muhitni muhofaza qilish, ta’lim va madaniyat sohalarida 8 ta ikki tomonlama hujjat hamda UBTIKning 2023-yil uchun qo‘shma harakat rejasi imzolandi.
Avvalroq, O‘zbekistonda turli sohalar bo‘yicha 22 ta Fransiya maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.