Joriy yilning noyabr oyida iste’mol bozoridagi inflyatsiya darajasi 1,3%ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
2022-yilning yanvar-noyabr oyida iste’mol bozorida narxlarning o‘sish sur’ati 10,9% ga yetib, o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati esa 0,9%ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,3%ga o‘zgan.
2022-yilning noyabr oyida narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelib, ularning narxlari o‘rtacha 1,5% ga oshdi.
Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,9%ga, xizmatlar narxlari esa oy davomida 0,8% ga oshgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari o‘tgan yilga nisbatan narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi — 13,7%. Ular narxlarining 2022-yil yanvar-noyabr oyidagi o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 1,2%ni tashkil etdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi mazkur davrda 9,9%ga oshdi hamda o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 0,9%ni tashkil etdi. Natijada inflyatsiya o‘sishiga umumiy ta’sirning 23,1%ni tashkil etgan.
Xizmatlar narxlarining o‘sish sur’ati joriy yilning yanvar-noyabrida 7,2%ga yetdi va o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 0,6%ni tashkil etdi.
Mazkur davrda nooziq-ovqat mahsulotlari va pullik xizmatlar mos ravishda 10,8% va 7,8% ga qimmatlashdi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2023-yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish biroz pasayishini, bu ko‘rsatkich 5%dan sal kamroq bo‘lishini prognoz qilgandi.
Regulyator ham yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 12−12,5% atrofida shakllanishi hamda 2023-yil uchun bazaviy ssenariy doirasida 8,5−9,5%gacha pasayishini prognoz qildi.