Shavkat Mirziyoyev yerlarni auksion orqali sotishni yengillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, 2022-yil fevral-oktabr oylarida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun “Yerelektron” axborot tizimi orqali 48 mingta yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarilgan.
Yuridik va jismoniy shaxslar foydalanib kelayotgan 5 mingga yaqin yer uchastkasini xususiylashtirish bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan.
Ta’kidlanishicha, auksionga chiqarish taklif etilgan 12 mingtadan ziyod uchastka qishloq xo‘jaligi yerlarida yoki muhofaza hududida joylashganligi aniqlangan.
Bo‘sh yer uchastkalari tizimga faqat qurilish bo‘limlari tomonidan kiritilayotgani sabab, hamma bo‘sh yerlarni topish jarayoni to‘liq qamrab olinmayapti. Shu bois bu ishlarni hududiy qurilish bo‘limlari va kadastr organlari birgalikda amalga oshirishi taklif etilmoqda.
Hozir yerlarni auksionga chiqarish bosqichlari 13 tadan iborat bo‘lib, ijara huquqi bilan yer olishda 48 ish kuni, mulk huquqida 74 ish kunigacha vaqt ketadi. Shu sabab yerni auksionga chiqarish bosqichlarini 8 taga tushirib, muddatlarini tegishlicha 16 va 22 ish kunigacha qisqartirish mumkinligi aytildi.
Ayrim shaharchalarning bosh rejasi yo‘qligi bu jarayonni sekinlashtirmoqda. Shuning uchun bunday joylarda yerlarni hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi bilan kelishgan holda, master-reja asosida auksionga chiqarish taklifi bildirildi.
Kichik sanoat zonalaridagi yerlarni bosh rejada nazarda tutilgan lotlarga muvofiq, sodda tartibda tadbirkorlarga berish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimotda aholi o‘zi foydalanib kelayotgan yerlarni xususiylashtirishi mumkinligi yaxshi imkoniyat ekanligi qayd etildi.
Hozir buning to‘lovi yillik yer solig‘ining 20 baravari miqdorida. Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda bergan ko‘rsatmalariga muvofiq, bu qiymat Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida yer solig‘ining 10 baravari, boshqa hududlarda 5 baravari miqdorida belgilanmoqda.