Bangkokda birinchi ATR72−600 samolyotini “Silk Avia” kompaniyasiga topshirish jarayoni davom etmoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur samolyot aviatashuvchi tomonidan “Jetcraft Commercial Limited” bilan kelishuv asosida sotib olingan uchta samolyotdan biri hisoblanadi.
“Silk Avia” tomonidan samolyotning texnik holati va hujjatlari tekshirishuvdan o‘tkazilib, sinov parvozi amalga oshirildi.
Shuningdek, bir oy davom etgan C-checkdan so‘ng (har 5000 parvoz soatida bajariladigan texnik xizmat ko‘rsatish shakli) samolyot texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma imzolandi.
Hozirda samolyotni Toshkentga olib kelish bo‘yicha zarur eksport sertifikati tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, samolyotni “Silk Avia” livreyasiga bo‘yash ishlari olib boriladi.
Shundan so‘ng, havo kemasi “Toshkent” aeroportiga olib boriladi va ekspluatant sertifikatini olishi lozim bo‘ladi. Shu bilan birga, aviakompaniya tomonidan sotib olingan ikkinchi samolyot ham C-checkdan o‘tkazilishi boshlangan.
Avvalroq, “Silk Avia” Fransiyaning “ATR” kompaniyasidan beshta yangi ATR 72−600 samolyotlarini sotib olishi ma’lum qilingandi.
Xususan, ATR 72−600 samolyotlarini, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchidan uchta va lizing beruvchidan ikkita sotib olish belgilangan.
O‘tgan yili “Silk Avia” kompaniyasi tashkil etilishi ma’lum bo‘lgandi. Undan so‘ng, prezident, 1-oktabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga moʻljallangan mazkur aviakompaniyani tashkil etilish bo‘yicha topshiriq berdi. Oktabr oyiga kelib esa kompaniya 10 ta samolyot xarid qilishi xabar berildi.