Rossiyaning “Aeroflot” aviakompaniyasi Sankt-Peterburgdan Toshkent va Samarqandga muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar uchun chiptalar sotishni boshladi. Bu haqda aviatashuvchi matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Aeroflot"ning Samarqandga reyslari 16-dekabrdan “Airbus A319” samolyotlarida haftasiga uch marta — chorshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

Toshkentga esa parvozlar 17-dekabrdan boshlab “Boeing 737−800” samolyotlarida haftasiga uch marta — dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

“O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning ochilishi shimoliy poytaxt aholisi uchun Markaziy Osiyoning eng qiziqarli davlatlaridan biriga sayohat qilish va xizmat safari uchun imkoniyatlarini kengaytirmoqda”, — deyiladi aviakompaniya xabarida.

20-maydan boshlab aviakompaniya Moskva-Toshkent-Moskva yoʻnalishida toʻgʻridan toʻgʻri muntazam reyslarni yoʻlga qoʻygandi.

"Aeroflot" — Rossiyaning davlat-xususiy aviakompaniyasi bo‘lib, 1992-yilda tashkil etilgan. “Sheremetevo” va “Krasnoyarsk” aeroportidan ichki va xalqaro reyslarni amalga oshiradi.


Avvalroq “Spot” Rossiyaning “Ural Airlines” va “IrAero” aviakompaniyalari O‘zbekistonning yettita shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘yayotgani haqida yozgandi.