Joriy yilning 10 oyi mobaynida, AKT sohasida o‘zini o‘zi band qilganlar soni 70 mingdan oshdi. Bu haqda AKT vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik frilanserlarning “Upwork”, “Fiverr”, “Toptal” hamda “Envato” kabi 7 ta xorijiy frilanserlik platformalaridan ishlab topgan daromadlari jami $9 mln.dan oshgan.
Xususan, “Payoneer” xalqaro to‘lov tizimi orqali $2,2 mln, to‘g‘ridan to‘g‘ri “SWIFT” (Wire transfer) orqali esa $6,8 mln xorijiy platformalardan frilanserlarning shaxsiy hisob raqamlari yoki bank kartalariga kelib tushgan.
Hududlar kesimida $8,3 mln bilan Toshkent yetakchilik qilsa, undan keyingi o‘rinlarda Andijon ($140 ming) hamda Toshkent viloyati ($121 ming) turibdi. Eng kam ko‘rsatkich esa $765 bilan Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, joriy yilning oxiriga qadar frilanserlar tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmi $11 mln.ga yetishi kutilmoqda.
Bugungi kunda frilanserlarga bo‘lgan talabning taxminan 50%i kichikroq va o‘rtacha kapital aylanishiga ega kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Prognozlar 2025-yilga borib global frilans bozorining hajmi $13,84 trln.ga yetishini ko‘rsatmoqda.
Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston ham ushbu bozorga kirishi zarur. Agar bu jarayon uzoq muddat cho‘zilsa, mamlakat ko‘p imkoniyatlarni qo‘ldan boy berishi mumkin.