Joriy yilning 22-dekabridan Eronning “Qeshm Air” aviakompaniyasi Tehrondan Toshkent va Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yo‘lga qo‘yilayotgan parvozlar Tehron-Toshkent-Olma-Ota-Tehron va Tehron-Samarqand-Tehron yo‘nalishlarida hamda Airbus 320 samolyotlarida, dastlab haftasiga bir marta amalga oshiriladi.
Keyinchalik esa yo‘lovchilar tomonidan yo‘nalish ijobiy qabul qilinsa, reyslar sonini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.
“Qeshm Air” kompaniyasi 1993-yilda tashkil etilgan. Shtab-kvartirasi Tehronda joylashgan Eron aviakompaniyasi bo‘lib, mahalliy va xalqaro, shuningdek, charter yo‘lovchi reyslarini amalga oshiradi.
Avvalroq, Eron prezidentining 14−16-sentabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida tadbirkorlar va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun O‘zbekiston va Eronga viza olish tartiblari soddalashtirilishi haqida aytilgandi.
13-oktabrdan O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi ishbilarmon va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlar uchun viza jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi kelishuvi kuchga kirdi.