Ob-havo sharoiti yomonlashgani sabab Samarqand xalqaro aeroportida havo kemalarini qabul qilish va chiqarishga vaqtinchalik cheklov joriy etildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, ko‘rinish 1000 metr, o‘rtacha qor, harorat -5, ishqalanish koeffitsiyenti 0,28ni tashkil etadi.
“Aeroflot"ning Moskva-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha SU-1874 reysi va Istanbul-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha “Turkish Airlines"ning TK-372 reysi Toshkentdagi muqobil aeroportga yo‘naltirilgan.
“Fly Dubai” aviakompaniyasining reysi ob-havo yomonlashgunga qadar — mahalliy vaqt bilan 03:07 da Samarqand aeroportiga qo‘ngan.
Biroq samolyotning yetib kelishi kechikib qolgani sababli Samarqanddan uchish vaqti soat 16:15 ga kechiktirildi. Shuningdek, aeroportda barcha zarur choralarni ko‘rilayotganini ta’kidlangan.
“Bir necha soat davomida uchish-qo‘nish yo‘lagi va taksi yo‘laklarini maxsus texnika va kimyoviy vositalar yordamida tozalash ishlari to‘xtamayapti. Ob-havo sharoitidan kelib chiqib, samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha cheklovlarni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 gacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, poytaxtda gaz zaxirasidagi yetishmovchiliklar sabab barcha avtomobillarga gaz quyish shohobchalari vaqtincha yopilgandi.