Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalida “Turkiya-Eron-Turkmaniston-O‘zbekiston” yangi temir yo‘l yo‘nalishi ochildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi Turkiya tomoni bilan hamkorlikda “Gumruh” stansiyasidan Toshkentga yuklarni tashish yo‘nalishini ishlab chiqqan.

Jumladan, 40 ta vagondan iborat poyezd Turkiya, Eron, Turkmaniston bo‘ylab harakatlanib, 5-dekabr kuni O‘zbekistonga yetib keldi.

O‘zbekiston yuklarini xalqaro yo‘nalishlarda tashishda qo‘shimcha yo‘nalish hisoblangan mazkur temir yo‘l uzunligi 4500 km.ni tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, mazkur temir yo‘l yo‘nalishi tashqi savdo yuklarini asosiy jahon va mintaqaviy bozorlarga tashish uchun vaqt va moliyaviy xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

Noyabr oyida “O‘ztemiryo‘lkonteyner” Turkiya kompaniyalari bilan yuk tashuvlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Unga ko‘ra, Turkmanistonning Saraxs hamda Ertek chegara stansiyalari orqali Eron portlari va Turkiyaga yuklarni konteynerlarda tashish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, yuk tashuvlari hajmini oshirish, konteyner va multimodal tashuvlar hamda konteyner poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish belgilandi.


Avvalroq, O‘zbekistonlik haydovchilar uchun Turkmanistonning ayrim nazorat o‘tkazish punktlari orqali yuk tashuvlarini amalga oshirishga ruxsat berilgandi.