“UzAuto Motors” kompaniyasi yaqin yillarda modellar qatorining muhim qismini yangilashi mumkin. Bu haqda “Freedom Broker” tomonidan avtomobil ishlab chiqaruvchining IPO uchun tayyorlagan taqdimotida ma’lum qilingan.

Unda keltirilgan namunaviy jadvalga ko‘ra, 2022-yil “Spark” va “Nexia” uchun so‘nggi yil bo‘ladi. Kompaniya mazkur modeldagi avtomobillar ishlab chiqarishni to‘xtatishi haqida avgust oyida ma’lum qilgandi.

2023-yildan boshlab “Onix” avtomobili seriyali ishlab chiqarilishi boshlanadi, buning uchun oldindan buyurtmalar qabul qilinmoqda.

2024-yilda O‘zbekistonda 2008-yildan buyon ishlab chiqarilayotgan “Gentra-Lacetti” avtomobillarini ishlab chiqarish yakunlash ma’lum qilingan.

Shu bilan birga, “Cobalt"ning yangi avlodini ishlab chiqarish orqali hozirgisini almashtirish rejalashtirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, gap 2016-yildan 2019-yilgacha Braziliyada ishlab chiqarilgan, qayta tiklangan versiya haqida ketmoqda.

“O‘zavtosanoat” 2017-yilda ishlab chiqarishni boshlash rejasini e’lon qilgan, biroq keyin undan voz kechgan.

Shuningdek, 2026-yildan boshlab O‘zbekistonda yana bir “Chevrolet” rusumli avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Biroq hozircha hech qanday tafsilotlar oshkor etilmagan.

Xabarga ko‘ra, sotuvga qo‘yilayotgan import qilingan avtomobillar assortimenti ham o‘zgaradi.

Masalan, 2023-yilda kompaniya avval to‘xtatilgan “Captiva” krossoverini yetkazib berishni qaytadan yo‘lga qo‘ymoqchi.

2023-yil oxiridan “Equinox"ning yangi avlodi, 2024-yilda esa Traverse sotuvga chiqariladi.

Bundan tashqari, “GM"ning premium brendi bo‘lgan “Cadillac” avtomobillari O‘zbekistonda 2023-yilda sotuvi boshlanishi mumkin.

Taqdimotda, shuningdek, “UzAuto Motors” kompaniyasining taxminan 2027-yildan boshlab elektr avtomobillar bozoriga kirish rejalari qayd etilgan.

1-dekabrdan boshlab, “UzAuto Motors"ning IPOsi boshlanishi haqida xabar berilgandi. Kompaniya aksiyalarining 1%idan 5%gacha bo‘lgan qismini fond birjasiga joylashtirish rejalashtirilgan.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston avtomobillari Rossiyaga “parallel import” sifatida olib kirilayotgani haqida yozgandi.