Hukumat qarori bilan elektron turdagi sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Hujjat bilan, sug‘urtaning barcha turlari elektron shaklda sotiladi va rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, ularning haqiqiyligini tekshirish sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchi o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi yo‘li bilan sug‘urta tashkilotining axborot tizimida va internet resursida amalga oshiriladi.

Sug‘urta shartnomasini tuzish uchun tashkilotning axborot tizimi orqali ariza beriladi va tegishli ma’lumotlar avtomatik tarzda to‘ldiriladi.

Shu bilan birga, sug‘urta polislari ro‘yxatga olinib, ularning aylanmasi bo‘yicha monitoring olib boriladi. Sug‘urta shartnomasi Yagona axborot tizimida ro‘yxatga olish va sug‘urta polisiga noyob raqam berish orqali tuziladi.

Yil yakunigacha barcha sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona axborot tizimi joriy etiladi hamda barcha sug‘urta kompaniyalarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

2023-yilning 1-martigacha ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz rasmiylashtiriladigan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma onlayn tarzda yuborilishini hamda ko‘rib chiqilishini amalga oshirish bo‘yicha yagona mobil ilova ishga tushiriladi.

Keyingi yilning 1-iyuligacha mobil ilova orqali boshqa majburiy va ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta da’volariga oid arizalar onlayn tarzda yuborilishi hamda ko‘rib chiqilishi joriy etiladi.

Shuningdek, 2023-yil 1-iyulgacha “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan.

Avvalroq “Spot” Yagona portal hamda “Litsenziya” portali orqali sug‘urtalovchilarning va sug‘urta brokerlarining faoliyati uchun litsenziya olish mumkinligi haqida qo‘llanma tayyorlagandi.