Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarani kesib o‘tishda pasport nazoratini osonlashtirishga kelishib oldi. Bu haqda “24kg” nashri tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aybek Ortiqboyevga tayanib xabar berdi.
Unga ko‘ra, endilikda ikki davlat fuqarolari ID-kartasini ko‘rsatish orqali chegaradan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
“16 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar chegarani kesib o‘tishda pasportlarini ko‘rsatadi. Tegishli bayonnoma O‘zbekiston prezidentining 9-dekabr kuni Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida imzolanadi”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Jo‘qorg‘i Kengashda o‘tkazilgan Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasining yig‘ilishida O‘zbekiston bilan kelishuvni qo‘llab-quvvatlagan.
6-dekabr kuni ikki mamlakat rahbarlari telefon orqali muloqot qilishdi. Unda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari oshib borayotgani, xususan, yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi $1 mlrd.ga yetkani aytildi.
Shuningdek, O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondi o‘z faoliyatini boshladi, sanoat, energetika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa tarmoqlarda bir qator kooperatsiya loyihalari birgalikda amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari bo‘lajak muloqotlarning kun tartibini sifat jihatidan boyitish maqsadida savdo shartnomalari va investitsiya dasturlari portfelini kengaytirish muhimligini qayd etishdi.
Avvalroq, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Aqilbek Japarov Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishining qiymatini $5 mlrd.gacha baholagandi.