Respublika bo‘yicha 2022-yilda jami sement ishlab chiqarish hajmi 15,2 mln tonnani tashkil etishi va o‘tgan yilga (14,2 mln tonna) nisbatan 7%ga o‘sish ta’minlanishi kutilmoqda.
Joriy yilda Andijon, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo hamda Farg‘onada yillik quvvati 6,8 mln tonnaga teng 7 ta yangi sement ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi. Bu haqda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov ma’lum qildi.
Xususan, mamlakatda sement ishlab chiqarish quvvati 27,1 mln tonnani tashkil etadi. Joriy yilda markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar qurilishiga o‘rtacha birja kotirovka narxlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha 60 ming tonna sement xarid qilingan.
O‘tgan uch chorakda birja savdolarida bir tonna portland sement o‘rtacha 583 ming (QQS bilan) so‘mdan sotilgan.
Shuningdek, joriy yilda 1,9 mln tonna sement import qilingan bo‘lsa, o‘tgan 10 oy davrida $9,5 mln.lik sement eksport qilindi.
Birja savdolari orqali 6 mln 37 ming tonna sement sotilishi ta’minlandi. 1-chorakda tabiiy gaz tanqisligi kuzatildi va ushbu davrda 1,8 mln tonna sement ishlab chiqarilmadi.
2022-yilda “Qizilqumtsement” tomonidan umumiy qiymati $137 mln bo‘lgan yillik quvvati 1 mln 800 ming tonna klinker ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Tahlillarga ko‘ra, 2016-yil yakuni bilan mamlakatda 8,6 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. 2021-yilda 14,2 mln tonna, 2022-yilda esa bu ko‘rsatkich 15,2 mln tonnani tashkil etishi kutilmoqda.