“Turkiston Bank” tugatish komissiyasi tomonidan bank kreditorlarining yig‘ilishi o‘tkazilishi haqida xabar berdi.
Yig‘ilish joriy yilning 7-dekabr kuni soan 11:00 da bankning Uchtepa tumani, “Zargarlik” ko‘chasida joylashgan binosida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar shu kuni soat 10:00 dan boshlab ro‘yxatga olinadi.
Unda bankning oraliq tugatish balansini tasdiqlash hamda kelishuv bitimini o‘rganish masalalari ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Joriy yilning oktabr oyida regulyator “Turkiston Bank” va “Hi-Tech Bank” litsenziyasini qaytarib oldi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “Turkiston Bank"da aholining 368 mlrd atrofida, “Hi-Tech Bank"da esa taxminan 5 mlrd so‘m mablag‘lari mavjudligini ta’kidlagandi.
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi Kuzatuv kengashining qaroriga asosan “Turkistonbank” omonatchilarining mablag‘larini muddatidan avval qaytirilishi belgilandi.
21-noyabrdan boshlab “Turkistonbank” omonatchilari bo‘lgan jismoniy shaxslar omonatga joylashtirgan mablag‘lari yuzasidan agent-bank sifatida tanlangan “Qishloq qurilish bank"ka murojaat qilishlari mumkin.
Omonatchilar qaytarib olinayotgan pul mablag‘larini o‘zlari xohlagan tarzda — naqd pul shaklida olishi, bank kartasiga ko‘chirishi yoki agent-bank bo‘lgan “Qishloq qurilish bank"ka omonatga qo‘yishi mumkin.