“Central Asian Tech Awards 2023” forumiga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unda turli formatdagi biznes tadbirlari — suhbatlar, panel muhokamalari o‘tkaziladi.
Forumda IT-loyihalar bilan quyidagi 7 ta toifa bo‘yicha ishtirok etish mumkin:
- “Eng tez rivojlanayotgan IT-kompaniya — Eksport — AKT xizmatlarini chet elda autsorsing qilish”;
- “Yil startapi / Markaziy Osiyodagi eng yaxshi startap”;
- “Markaziy Osiyoda Yil kashfiyoti”;
- “Yilning IT-ayoli”;
- “IT ga eng yaxshi hissa”;
- “Yil ekspansiyasi”;
- “Yil IT-o‘qituvchisi”.
Nomzodlar ishtirok etish huquqi mavjud mamlakatlardan bo‘lishi kerak. (O‘zbekiston bu ro‘yxatda mavjud). Unda IT-loyiha yoki biznes loyihalari bo‘yicha ishtirokchilar taqdimot qilishadi.
Birinchi uchta toifa bo‘yicha g‘oliblar Silikon vodiysiga 100% sayohat imkoniyatini qo‘lga kiritishi mumkin. Bundan tashqari, nominatsiyaning qolgan 4 nafar g‘olibi Silikon vodiysiga sayohat uchun 50%lik chegirma bilan taqdirlanadi.
Arizalar 2023-yilning 15-yanvarigacha havola orqali qabul qilinadi.
2023-yilning 16-yanvaridan 28-fevraligacha sayt orqali nomzodlarga onlayn ovoz berishning birinchi bosqichi o‘tkaziladi. Undan keyin, 1-martdan 10-martgacha tanlov mezonlari bo‘yicha eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzodlar ikkinchi turda ekspertlar tomonidan baholanadi.
G‘oliblar 2023-yilning 24-mart sanasida Bishkekda bo‘lib o‘tadigan marosimda taqdirlanadi.
Tanlov haqida batafsil ma’lumotlarni bu yerdan olish mumkin.
Avvalroq, AQShda “TechWomen” dasturi o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.