Namanganda Germaniyaning “Hugo Boss”, “Carl Gross” kabi yirik brendlari bilan hamkorlik qiluvchi “Fazman Textile” tomonidan yangi korxona ishga tushirildi, deya xabar bermoqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmati.
Mazkur tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi.
Loyiha qiymati $40 mln.ni tashkil etib, toʻliq ishga tushishi hisobiga 3 ming nafar yangi ish oʻrni yaratiladi.
Loyihaning birinchi bosqichi uchun jami $20 mln mablagʻ sarflanib, 1,5 ming yangi ish oʻrni yaratildi.
Korxonada ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun Germaniya va Turkiyadan zamonaviy asbob-uskunalar olib kelinib, oʻrnatilgan.
Unda yiliga 1 mln dona tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvati yaratilib, yillik eksport hajmi $15 mln.ni tashkil etadi.
Ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar, kostyum-shim, shuningdek, erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari “Hugo Boss” brendi ostida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq “Spot” Turkiyaning “Akcha Holding” kompaniyalar guruhi O‘zbekistonda to‘qimachilik sexi qurishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.