Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Toshkent viloyatidagi yuridik iste’molchilarning tabiiy gazdan foydalanish holati bo‘yicha tungi nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
Natijada, Olmaliqdagi “Olmaliq g‘ishtchi” korxonasiga qarashli g‘isht ishlab chiqarish zavodi tarmoqqa noqonuniy ulanib tabiiy gazdan foydalanib kelayotganligi aniqlangan.
Korxona joriy yilning 29-noyabr kuni gaz tarmog‘idan ajratilganiga qaramasdan o‘zboshimchalik bilan ulangan.
Xususan, noqonuniy foydalanilgan tabiiy gaz hajmi 118 ming kub metrni tashkil etadi. Ushbu hajmdagi tabiiy gaz 5 mingga yaqin xonadonning kuz-qish mavsumida bir kunlik iste’molini tashkil qiladi.
Mazkur holat yuzasidan barcha hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Olmaliq shahar prokuraturasiga topshirildi. Hozirda dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Buxoroda davlatga 2,5 mlrd so‘m zarar yetkazgan mayning ferma aniqlangandi.