“Beeline” uyali aloqa operatori “Veon” kompaniyasi tomonidan Rossiya top-menejmentiga sotilganidan keyin o‘z brendini saqlab qoladi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” kompaniya bosh direktori Aleksandr Torbaxovga tayanib.
“Albatta, bu o‘zgarmaydi, „Beeline“ „Beeline“ bo‘lib qoladi”, — deya javob berdi Torbaxov jurnalistlarga operator mahalliy boshqaruvga sotilganidan keyin brendni saqlab qoladimi, degan savolga.
Gollandiyaning “Veon” telekommunikatsiya xoldingi noyabr oyi boshida Rossiyadagi “VimpelCom” biznesini sotish jarayonini boshlaganini e’lon qilgandi.
Ko‘p o‘tmay, “VimpelCom” kompaniyasi bosh direktori Aleksandr Torbaxov boshchiligidagi top-menejment tomonidan 130 mlrd rublga sotib olinishini ma’lum qildi.
“Veon” xoldingi tomonidan qayd etilganidek, bitim doirasida kompaniya 370 mlrd rublga baholangan. “Beeline"ning “RIA Novosti"ga ma’lum qilishicha, 240 mlrd rubl “VimpelCom"ning sof qarzi hisoblanadi.
Avvalroq “Spot” Amerikaning “Yum! Brands” xoldingi Rossiyadagi 70 ta “KFC” restoranini mahalliy hamkoriga sotishi haqida yozgandi.