Markaziy bank “CERT-CBU” kiberxavfsizlik markazining veb-saytini ishga tushirdi, deya xabar bermoqda regulyator matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, bank faoliyatida kiberxavfsizlik hodisalarining oldini olishga qaratilgan mazkur axborot tizimi quyidagilar bo‘yicha ogohlantirishlar berib boradi:

  • to‘lov tizimi operatorlari;
  • kredit va to‘lov tashkilotlarining axborot infratuzilmasida aniqlangan kibertahdidlar;
  • bank tizimida kiberxavfsizlik insidentlarini oldini olish.

Sayt quyidagi bo‘limlardan iborat:

  • “Insident haqida xabar berish” — bank soxasida kuzatilgan kiberxavfsizlik insidentlari to‘g‘risida Markaziy bank “CERT-CBU” kiberxavfsizlik markaziga habar berish;
  • “Yangiliklar” — kiberxavfsizlik sohasidagi muhim yangiliklar to‘g‘risida maqolalar, jahonda kuzatilayotgan kiberxavfsizlik insidentlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • “Bilimlar bazasi” — kiberxavfsizlik sohasiga oid atamalarni o‘z ichiga olgan lug‘at, ma’lumotlar, mamlakat to‘lov tizimi operatorlari, kredit va to‘lov tashkilotlarining nomi hamda savdo belgisi bilan ochilgan soxta havolalarni tekshirish.

Xususan, “Bilimlar bazasi” orqali “Soxta havolani tekshirish” bo‘limiga o‘tib, mazkur amalni bajarish mumkin. Shuningdek, zaifliklar hamda soxta havolalar haqida infografika ham beriladi.


Mazkur sayt hozir test rejimida ishlamoqda. Bankning ta’kidlashicha, platforma yangi funksiya va foydali ma’lumotlar bilan to‘ldirilib boriladi.

Avvalroq, “E-transport” platformasi loyihasi ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.