So‘nggi oylarda O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralarida pasayish kuzatilayotgandi. Biroq, regulyatorning 1-dekabr holatiga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, zaxiralar bir oyda $1,1 mlrd.ga oshdi hamda sentabr oyidagi ko‘rsatkichini deyarli tikladi.

Yil boshiga nisbatan kamayish $1,6 mlrd.ni tashkil etib, zaxiralarning umumiy hajmi $33,4 mlrd.ni tashkil etdi.

Noyabr oyi davomida oltinning fizik hajmi 12,8 mln troya unsiya ko‘rsatkichini saqlab qolgan bo‘lsa, qiymati $1,4 mlrd.ga oshib, $22 464 mln.ni tashkil qilgan.

Oltinning qiymati iyul, avgust oylarida sentabr oyiga nisbatan o‘suvchi ko‘rsatkichni qayd etgandi. Oktabr oyida esa zaxiralar joriy yil boshiga nisbatan $2,8 mlrd.ga yoki 8%ga kamaygandi.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta zaxiralari ham oktabr oyidagi $10,2 mlrd ko‘rsatkichdan noyabr oyiga kelib $9,9 mlrd.ga kamaygan.

“O‘zbekiston yalpi xalqaro zaxiralari joriy yil boshidan $1,7 mlrd.ga yoki 4,8%ga kamaydi. Bunda oltin narxining yil boshidagi $1799,25 dan $1759,65 gacha pasayishining ta’siri $0,51 mlrd.ni tashkil qildi”, deyiladi Markaziy bank izohida.

O‘zbekiston oltin xarid qilishda ketma-ket beshinchi oy yuqori ko‘rsatkichni qayd etgandi. Ta’kidlanishicha, mamlakat oktabr oyida 8,7 tonna oltin xarid qilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston markaziy banklar orasida oltinning dunyodagi ikkinchi eng yirik xaridoriga aylandi. Xususan, mamlakat 65%lik zaxirasi bilan Venesueladan keyingi o‘rinni qayd etgan.