Markaziy bank joriy yilning o‘n bir oyi davomida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlariga oid statistikani taqdim etdi.

Unga ko‘ra, mazkur davrda 63 703 nafar fuqaroga 12,7 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan bo‘lib, o‘tgan oyga nisbatan bu ko‘rsatkich 1,2 trln so‘mga oshgan.

Xususan, 3,3 trln so‘m miqdoridagi mablag‘ banklarning o‘z hisobidan ajratilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 756 mlrd so‘mni tashkil etgandi.

Bundan tashqari, 9,1 trln so‘m asosiy pul miqdori Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirilgan. Qolgan 152 mlrd so‘m esa O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan.

Hududlar kesimida kredit oluvchilarning eng ko‘p ulushi 12 918 nafar fuqaro bilan Toshkent hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu davrda poytaxt aholisiga 3,8 trln so‘m ipoteka kreditlari ajratilgan.


Mazkur davrda Samarqand hamda Farg‘onada ajratilgan ipoteka kreditlari mos ravishda 1 trln so‘mdan oshdi. Qolaversa, Andijon ham 1 trln so‘mlik ko‘rsatkichga yaqinlashmoqda — 934 mlrd so‘m.

Sirdaryo viloyati bir oyda 28 mlrd so‘m o‘sish bilan ajratilgan ipoteka kreditlari hajmini 288 mlrd so‘mga yetkazdi. Shu bilan birga, eng kam ko‘rsatkich pozitsiyasini saqlab qolmoqda.

Shuningdek, aholiga ajratilgan kreditlarning 75%i birlamchi bozordagi uylar xaridiga, qolgan 25%i esa ikkilamchi bozordagi uylar xaridiga sarflangan. Natijada mazkur ko‘rsatkichda o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishni ko‘rish mumkin.

Kreditlarning asosiy qismi ya’ni 70%i 31−50 yosh oralig‘idagi aholiga to‘g‘ri keladi, bu davrda ularning umumiy soni 44 490 nafarga yetgan. 18−30 yosh oralig‘ida kredit olgan yoshlar soni esa 13 226 nafarni tashkil etadi.

Bu davrda ipoteka kreditini olgan xotin-qizlar soni 25 807 tani tashkil etib, jami kreditlarning 41%i — 4,6 trln so‘mi ular hissasiga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq “Spot” Oʻzbekiston banklaridagi ipoteka kreditlari boʻyicha ma’lumotlarni bir joyga to‘plagandi.