“OPEK” jamg‘armasi Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi bilan birgalikda savdoni moliyalashtirish bo‘yicha sindikatsiyalangan investitsiyalar uchun $50 mln miqdorida mablag‘ ajratmoqda.

Umumiy qiymati $100 mln bo‘lgan ushbu loyiha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan.

O‘zbekiston g‘alla, sabzavot va shakar kabi zaruriy mahsulotlarning sof importchisi hisoblanadi va mamlakat oziq-ovqat ta’minotining qariyb 40%i Qora dengiz mintaqasidan to‘g‘ri keladi.

Ukrainadagi urushning global oqibatlari, jumladan, oziq-ovqat va xom ashyo narxlarining oshishi ortidan oziq-ovqat xavfsizligi O‘zbekiston uchun asosiy tashvishga aylandi.

Kredit paketi mahalliy bozorda eng zarur oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini arzon narxlarda barqaror ta’minlashga yordam beradi.

“Global oziq-ovqat xavfsizligi inqirozini hal qilish „OPEK“ jamg‘armasi uchun ustuvor yo‘nalish bo‘lib, O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashimiz oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha harakatlarimizga mos keladi”, — deydi “OPEK” fondi bosh direktori Abdulhamid Alxalifa.

Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning yer va suv resurslarini samarali boshqarishga $150 mln.lik kredit hamda $3 mln.lik grant ajratishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, YeTTB O‘zbekiston agrobiznes rivojiga 14 mln yevro kredit ajratadi.