Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2022-yil 13-dekabrdan 2023-yil 1-martgacha AI-80 rusumli benzinni olib kirish, ishlab chiqarish va sotish uchun aksiz solig‘i nolga tenglashtiriladi.
Unga ko‘ra, 13-dekabrdan boshlab “O‘zbeknefgaz"ga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yoqilg‘i litri 5700 so‘mdan sotiladi.
Soliqning nolga tenglashtirilishi benzinning chakana narxlarini o‘rtacha 8,7%ga tushirishi kutilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu aholi va tadbirkorlik subyektlarining 213,7 mlrd so‘m mablag‘ini tejash imkonini beradi.
Bundan tashqari, “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspektsiya” 1-aprelga qadar energiya resurslaridan noqonuniy yoki samarasiz foydalanish (ularning moliyaviy faoliyatiga aralashmagan holda) faktlari yuzasidan biznes-ombudsmanning roziligisiz tekshirishlar o‘tkazish huquqini oladi.
Benzin yetishmovchiligi yoki o‘g‘irlanishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan idoraviy inspektorlar ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va ularga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.