“IT Park” qoraqalpog‘istonlik IT-mutaxassis Niyetulla Abdullayev hikoyasini taqdim etdi.
Niyetulla 24 yoshda. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialining “Kompyuter injiniringi” fakultetini IT-servis yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
U hozir Nukus tumanidagi IT Markaz menejeri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
“Bolaligimdan robototexnikaga mehr qo‘ygan bo‘lsam-da, IT-sohasiga qiziqish va ushbu yo‘nalishni o‘rganish imkoniyati 22 yoshimdagina paydo bo‘lgan. Men IT sohasi haqida juda noaniq tasavvurga ega edim”, — deydi u.
Uning ta’kidlashicha, amaliyotda o‘zini sinab ko‘rmagan bo‘lsada IT bilan shug‘ullana boshlagan.
“Albatta, dastlab shubhalar bor edi, chunki menda savdo sohasida barqaror ishim bor edi. Ammo men dasturlash tillarini hamda umuman IT yo‘nalishini o‘rganishni boshladim va nimani yoqtirganimni angladim”, — deydi Niyetulla.
2021-yildan boshlab Niyetulla rasmiy ravishda mobil robototexnika bo‘yicha mentor sifatida faoliyatini boshladi. Qisqa muddatli o‘qituvchilik faoliyatida ikki guruhga mentorlik qilgan.
Niyetullaning aytishicha, qiyinchiliklar — uning ishidagi eng katta motivatorlardan biri.
“Mening sohamda real datchiklar bilan ishlash juda muhim, ammo bunday imkoniyat deyarli yo‘q. O‘ylaymanki, umidsizlik meni katta yutuqlarga va yangi layfxaklarga undadi”, — deya ma’qullaydi u.
Uning fikricha, umidsizlik chiniqtiradi va agar inson haqiqatan ham xohlasa, hamma narsani qila olishini anglaydi.
2019-yilda u turli mamlakatlar vakillari ishtirok etgan “Union X” xalqaro konferensiyasining delegati edi. Konferensiya yosh avlod uchun global va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi eng yirik va nufuzli tashkilotlarni modellashtirish platformasi bo‘lib xizmat qiladi.
2021-yilda Niyetulla “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovining respublika final bosqichida ishtirok etib, Yoshlar ishlari Agentligi tomonidan 10 mln so‘m qo‘lga kiritgan.
2022-yilda u “Texnologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ayollar uchun biznes-akseleratsiya dasturi"da g‘olib bo‘lgan jamoaning a’zosi edi. Bundan tashqari, Niyetulla Nukusda yoshlar uchun o‘tkazilgan “yashil” startaplar tanlovida qatnashib, g‘olib bo‘ldi va $2 ming qo‘lga kiritdi.
Hozirgi kunda Niyetullaning oylik daromadi $700 dan boshlanadi.